2018-yil 3-dekabr kuni ADTI, Andijon mashinasozlik instituti va Koreyaning Tegu universiteti hamkorlikda ishlab chiqilgan tibbiyot injeneriyasi bo‘yicha institutlararo magistratura tajribaviy dasturi asosida «Tibbiyot va biotexnologiya mashinalari va jihozlari” magistratura mutaxassisligiga qabul qilingan talabalar uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Endilikda bo‘lg‘usi tibbiyot muhandislari 2018-2019 o‘quv yilining 1-semestrida Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil oladilar. 2-semestr o‘quv mashg‘ulotlari Andijon mashinasozlik institutida olib boriladi. Kelgusi o‘quv yilida esa ular Koreyaning Tegu universitetida ta’lim oladilar.
Ana shu munosabat bilan 2018- yil 4-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov magistratura talabalari bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida institut rektori “Tibbiyot va biotexnologiya mashinalari va jihozlari” magistratura mutaxassisligiga qabul qilingan talabalarni qizg‘in tabrikladi. Professor M.Madazimov suhbat chog‘ida tibbiyot muhandisligi sohasini bugungi kunda eng kerakli va muhim soha ekanligini, texnikaning jadal rivojlanishi, mamlakatimizda tibbiyot muassasalariga olib kelinayotgan eng zamonaviy tibbiy asbob –uskunalarni, jihozlarni o‘rnatishda va ulardan xalqimiz salomatligi yo‘lida samarali foydalanishda tibbiyot muhandislariga ehtiyoj juda katta ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot institutida ularni tibbiyot yo‘nalishida yetarli bilim olishlari uchun har tomonlama zarur sharoitlar mavjudligini aytib o‘tdi.
Kelgusida ularning malakali tibbiyot muhandisi bo‘lib yetishishlari uchun bir vaqtning o‘zida tibbiy va texnik bilimlarni, shu bilan birgalikda chet tilini mukammal o‘rganishlari lozimligini alohida ta’kidladi. Ularning kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirib, mazkur magistratura mutaxassisligining “birinchi qaldirg‘ochlari”ga chin dildan omad va zafarlar tiladi.