2018-yil 11-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida institut rektori M.Madazimovning davolash, pediatriya fakultetlari va kasbiy ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Talabalarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoni haqida suhbatlashish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda institut rektori M.Madazimov avvalo, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, o‘zgarishlar va yangiliklarga to‘xtaldi.
Shuningdek, institutda talabalarga yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, ta’lim berish sifatining yuqoriligi, ARM xizmati, Axborot texnologiyalar markazi, media markaz, simulyatsion xonalar va elektron tizimning tashkil etilganligi, amaliyotga katta e’tibor qaratilayotganligi, masofaviy ta’limning yo‘lga qo‘yilganligi to’g’risida gapirib o‘tdi.
Bundan tashqari, rektor O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 34- buyrug‘i mazmun –mohiyati va Andijon davlat tibbiyot institutining Odob-axloq qoidalariga to‘xtalib,talabalarning muomala va kiyinish madaniyati borasidagi fikrlarini bildirdi. Shuningdek, talabalarni darsga tayyorgarligi, chet tillarini o‘rganishlari, to‘garaklarga ishtirokini nazorat qilish muhimligini ta’kidladi. Ta’lim-tarbiya jarayonida ota-onalarni doimiy hamkorlikka chaqirdi.
Uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov, pediatriya fakulteti dekani A.G‘ofurov, davolash fakulteti dekani B.Abdullajonov, murabbiylar kengashi raisi A.Arzibekov, kasbiy ta’lim yo‘nalishi mas’uli D.Hasanov va dekan o‘rinbosarlari ham ishtirok etishib, ota-onalarni qiziqtirgan savollariga javob berdilar. Uchrashuv ochiq-oshkora, do‘stona va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.