Kuni kecha Andijon davlat tibbiyot instituti Anatomiya, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi mudiri, dotsent Z.Qahharov boshchiligida davolash fakulteti 404-guruh talabalari J.Umurzakov, M.Ziyaev, 306–guruh talabasi R.Tursunova hamda bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiyasi magistratura yo‘nalishi 1-kurs talabasi D.Abdurahmonovalar Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston Respublikasiga jo‘nab ketdilar.
Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasini Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘ining o’rinbosari Sajida Xadjalieva samimiy kutib oldi.
Institutning talaba-yoshlari “Spasi i soxrani” shiori ostida birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkaziladigan III Butunrossiya xalqaro olimpiadasida ishtirok etadilar. Mazkur olimpiada Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi, Dog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita raisi etib, Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti rektori, professor S.N.Mammaev tayinlangan.
Ushbu olimpiada talabalarning birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliyotdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Bugun, 20-fevral kuni institutning anatomiya, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi mudiri, dotsent Z.Qahharov Dog’iston davlat tibbiyot universiteti pediatriya fakultetining 1-bosqich talabalariga “Oshqozon-ichak sistemasi anatomiyasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ma’ruza universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yuqori baholandi.
Ertaga bo‘lib o‘tadigan xalqaro olimpiadada ADTI talabalariga omad va zafarlar tilab, ulardan yuqori natijalarni kutib qolamiz.