2019- yil 23- fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda «Onalik va bolalikni muhofaza qilishning dolzarb vazifalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni institut rektori, professor M.Madazimov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarga to‘xtaldi va ilmiy-amaliy anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Dolzarb mavzudagi anjumanda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari mas’ul mutaxassislari, Andijon davlat tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilari va talabalari qatnashdilar.
Anjumanda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassisi G.Abdullaeva “Andijon viloyati sog‘liqni saqlash tizimida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat holati, yutuqlar, muammolar va ularning yechimi”, Viloyat perinatal markazi bosh shifokori G.Rahimova “Viloyatda bolalar o‘limi kelib chiqish sabablari va oldini olish borasidagi vazifalar”, ADTI gospital va shoshilinch pediatriya kafedrasi mudiri, dotsent M.G‘anieva “O‘tkir bronx-o‘pka kasalliklari muammosi, zamonaviy diagnostikasi va davolash algoritmlari”, Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti neonatologiya kafedrasi dotsenti D.Ergashboeva “Og‘ir asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlar reanimatsiyasi”, 2-akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri, dotsent X.Nigmatshaeva “Gipertenziv holatlarda akusherlik qon ketishlarni oldini olish”, Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri O.Yakubova “Homiladorlikni antenatal parvarish sifatini yaxshilash” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar.
Shuningdek, anjumanda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Mamajonov, ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G‘.Hodjimatov, davolash ishlari bo‘yicha mas’ul B.Mirzakarimovlar ham ishtirok etishib, ma’ruzalar yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Anjuman yakunida tadbir ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro muhokama va savol-javoblar bo‘lib, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi hamda ilmiy-amaliy anjuman rezolyutsiyasi qabul qilindi.