2019 -yil 25- yanvar kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida gospital terapiya kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan Belarus davlat tibbiyot universiteti endokrinologiya kafedrasi bilan hamkorlikda on-layn videokonferensiya tashkil etildi. Videokonferensiyada ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘.Xodjimatov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov, shuningdek, professor Z.Salohiddinov, gospital terapiya kafedrasi mudiri, dotsent Sh.Yusupovalar ishtirok etdilar.
Anjumanda Belarus davlat tibbiyot universiteti endokrinologiya kafedrasi mudiri, t.f.d. professor Tatyana Vyacheslavovna Moxort “Qandli diabetning II turida davolashning zamonaviy usullari” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada kasallikni davolashning yangi usullari, yangi texnologiyalar, zamonaviy preparatlar bilan yevropa standartlari bo‘yicha ishlashda yangicha yondashuvlar va yangi dori-darmonlarni qo‘llashdan olingan natijalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zaro savol-javob, fikr-mulohazalar bilan samimiy tarzda o‘tkazilgan ilmiy muloqotda umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash, gospital terapiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, institut talabalari, magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishlari talabalari ishtirok etdilar. Konferensiya taassurotlarga boy tarzda o‘tdi.
ADTI matbuot xizmati.