Andijon davlat tibbiyot instituti Gospital terapiya kafedrasi mudiri,dotsent Sh.Yusupova joriy yilning 22-25 –may kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo’lib o’tgan VIII xalqaro endokrinologlar kongressida ishtirok etdi.
Xalqaro olimlar ishtirokidagi kongressning tantanali ochilishida yig’ilish kun tartibi barchaga tanishtirildi. Kongressda Rossiya Federatsiyasi hamda dunyoning bir qator davlatlaridan yetakchi mutaxassislar qatnashdilar.
Jumladan, Rossiya Fanlar Akademiyasi akademiklari- I.I.Dedov, G.A.Melnichenko, M.V.Shestakova, professor N.G.Mokrishova; Italiyadan professor S.Del-Prato, Kanadadan professor Subodh Verma, AQShdan X.Frias kabilarning qiziqarli ma’ruzalari kongress ishini yanada qiziqarli o’tishida ahamiyat kasb etdi.
Anjumanda endokrinologiyaning hozirgi zamondagi dolzarb muammolari yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Kongress doirasida “Qalqonsimon bez kasalliklari va komorbid holatlar”, “Homiladorlik va endokrinopatiyalar”, “Poliorgan zararlanish bilan kechuvchi autoimmun endokrinopatiyalar ”, “Qandli diabet 2 – turini oldini olish choralari ”, “Qandli diabet 2- turi va semizlik rivojlanishida mikrobiotlarning roli, korreksiyalashning mumkin bo’lgan yo’llari” kabi mavzularda simpoziumlar o’tkazildi.
Qatnashchilar yetakchi olimlar tomonidan o’tkazilgan taqdimotlar bilan tanishdilar hamda o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.