2019- yil 10- may kuni ADTIga Germaniyadagi Myunxen tibbiyot universiteti professor- maslahatchisi KASCHKA WOLFGANG PETER tashrif buyurdi. ADTI xalqaro hamkorlik bo‘limi va psixiatriya va narkologiya kafedrasi tashkilotchiligida, ularning taklifiga binoan Germaniyadan tashrif buyurgan mehmonni institut bosh o‘quv binosida yoshlar masalalari bo‘yicha prorektor P.Asxanov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinovlar samimiy kutib oldilar. Shundan so‘ng, xalqaro hamkorlik bo‘limida qizg‘in suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro suhbat jarayonida institut rahbariyati bilan birgalikda psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri, professor M.Agranovskiy, tillar, pedagogika va psixlogiya kafedrasi o‘qituvchisi D.Egamovalar ishtirok etdilar. Bo‘limda institutdagi so‘ngi yillardagi o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar, ayniqsa, xalqaro hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotganligi, xususan, Germaniya davlatidagi tibbiyot universitetlari bilan birgalikda qo‘shma fakultet ochish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilayotganligi haqida fikr-mulohazalar yuritildi.
O‘z navbatida KASCHKA WOLFGANG PETER ham o‘zaro taklif va kelishuvga muvofiq 20 kun mobaynida psixiatriya yo‘nalishida ma’ruza va mahorat darslari o‘tishi, psixonevrologiya dispanserida bemorlar ko‘ruvi, maslahat va tavsiyalar berishga tayyorligini aytib o‘tdi.
O‘zaro kelishuv asosida germaniyalik yetakchi mutaxassis bitta sikl – 20 kun davomida ADTIning 5 – bosqich talabalari, magistratura va klinik ordinatura yo‘nalishi talabalariga ma’ruzalar o‘qib, mahorat darslari o‘taydi.