O‘zbekiston Respublikasi narkotik moddalarni nazorat qilish Davlat komissiyasining 2018-yil 29-oktabrdagi 04-983-sonli, viloyat hokimligining 2018-yil 20-noyabr kungi 11/05-103 sonli xatidagi topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. 2018-yil 22-noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida soha mutaxassislari ishtirokida “Giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori G‘.Hodjimatov ochdi va olib bordi. Tadbir avvalida talabalarga giyohvandlarning ayanchli holatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi xodimi Behzod Ro‘zimurodov so‘zga chiqib, dunyodagi narkovaziyat, narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazining faoliyati, bugungi kunda respublikamizda giyohvandlik va narkojinoyatlarni oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar xususidagi ma’lumotlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, mazkur tadbir talaba-yoshlar o‘rtasida ogohlikni oshirish maqsadida tashkil etilganligini, qolaversa, yoshlarimiz giyohvandlikka qarshi kurashda va narkojinoyatlarni oldini olishda faol targ‘ibotchi bo‘lishlari lozimligini ta’kidladi.
Davra suhbatida viloyat hokimligi mas’ul kotibi Jamoldin Mansurov mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishib, talabalarni doimo ogoh bo‘lishga chaqirdilar.
Tadbir ochiq muloqot tarzida mazmunli va qiziqarli o‘tdi.