27-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida 2018-yil yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash yig‘ilishini institut rektori, professor M.Madazimov ochib, institut jamoasini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Yakunlanayotgan yil institut hayotida har jihatdan yutuqlarga boy bo‘ldi. Institut professor-o‘qituvchilari va talabalari qator xalqaro tanlovlarda, ilmiy-amaliy konferensiyalarda, xalqaro olimpiadalarda va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishdilar.
Ana shu munosabat bilan ilmiy kengash avvalida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
“Yoshlarni ma’naviy boyliklarimizga hurmat bilan qarash, urf-odatlarimiz va an’analarimiz, bebaho tarixiy merosimizni saqlash va rivojlantirish tuyg‘usini singdirish“ mavzusidagi eng yaxshi maqolalar tanlovida g’olib bo’lgan Andijon davlat tibbiyot instituti Ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi professori Odiljon Salohiddinovga “Xolis” gazetasi tahririyatining 2-darajali diplomi topshirildi.O`zbekiston xotin qizlar qo`mitasi va O`zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan yurtimizning iqtidorli xotin-qizlari o`rtasida o`tkazilgan “O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyixasi” ikkinchi Respublika tanlovining viloyat bosqichida “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo`yicha g`oliblikni qo`lga kiritgan Moxigul Jo`rayeva diplom bilan taqdirlandi . Jumladan, 2018-yil yakunida O‘zbekiston Respublikasi Xalq tabobati markazi tomonidan markaz Fanlar Akademiyasining akademigi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan Ne’matjon Mamasoliev, shuningdek, dotsent unvoniga sazovor bo‘lgan ustozlar, 2018- yilda davlat va nomdor stipendiya sohiblari bo‘lgan talabalar Abdurashid Rustamjonov , Mehrinoz O‘rinboeva va Gulmira Inomovalar diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Yaqinda Novosibirsk davlat tibbiyot universitetida professor T.D.Nikitina xotirasiga bag‘ishlangan “Morfologiya fani – tibbiyotning fundamental asosi” nomli talabalar va yosh olimlar III Xalqaro morfologik ilmiy –amaliy konkurs –konferensiyasi va konferensiya doirasida Anatomiya fanidan IV Xalqaro olimpiadasida faol ishtirok etganligi uchun Anatomiya, OJTA kafedrasi mudiri, dotsent Zafarjon Qaxarov oltin medal va “Tashakkurnoma” bilan taqdirlandi.
Davolash fakulteti 2-kurs talabalari Riona Sobirova “Eng yaxshi ilmiy ish”nominatsiyasi bo‘yicha 2-darajali diplom, Gulhayo Solijonova va Baxtiyor Maqsudovlar 3-darajali diplom bilan taqdirlandilar. Shuningdek, ularga Anatomiya fanidan Xalqaro olimpiadada faxrli uchinchi o‘rinni egallaganliklari uchun diplom, kubok hamda institut ma’muriyati tomonidan pul mukofotlari ham topshirildi. So‘ngra “O‘zbekiston yoshlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi” mavzusida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari – davolash fakulteti 3-kurs talabasi Sardor Ermuhametov, pediatriya fakulteti 2-kurs talabasi Abdurauf Abdurashidov, 1-kurs talabasi Pirzoda Fayzullaevalar ham diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Ilmiy kengash ishida 2018-yil yakunlari bo‘yicha institut rektori M.Madazimov, 2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi haqida, sohada olib borilayotgan islohotlar, muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish masalalari xususida gapirdi. Shuningdek ilmiy, o‘quv, ma’naviy -ma’rifiy ishlar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Ko‘rilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.