Insonning ma’naviy kamolotida, mustaqil fikrlaydigan shaxsning shakllanishida, millatimizning ruhi bo‘lgan ona tilimizni, xalqimizning azaliy qadriyatlarini kelgusi avlodlarga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Darhaqiqat, kitob insonning ma’naviy olamini boyitib, ijodkorlik va yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantiradi.
Yosh avlodning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida 2019-yil 17-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Kitob –ko‘ngil va ruhiyat tabibi” mavzusida amaliy seminar va matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda Andijon viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori G.Ismailova, institut Axborot-resurs markazi xodimlari hamda talabalar ishtirok etdilar.
Tadbirni viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i A.Sultonov ochib, Muhtaram Prezidentimizning shu yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida beshta muhim tashabbusni ilgari surganligi, ular ichida to‘rtinchisi – insonni ezgulikka undovchi, hayotda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi, maqsad sari yetaklovchi – kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish xususida fikr yuritdi.
Anjumanda institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov so‘z olib, ishtirokchilarni bugungi kitobxonlik bayrami bilan tabriklar ekan, insonni ezgulikka, sabrli bo‘lishga undovchi, uning qobiliyat va ma’naviy dunyosini boyitishda kitobning ahamiyati, bugungi kunda yoshlar va zamondoshlarimizning kitobxonlik saviyasi va madaniyatini yanada yuksaltish masalasi haqida taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng, tadbir qatnashchilari- A.Sultonov, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori G.Ismoilova, institut ruhshunosi O‘.Arziqulov, ARM xodimlari D.G‘ulomovalarning kitob mutolaasi va uning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi. Institut hamda ajborot – resurs markazi faoliyati to‘g‘risidagi videorolik namoyish etildi.
Kitobxonlik tadbirida talabalar ham faol ishtirok etishib, o‘zlari mutolaa qilgan kitoblari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirishdi. O‘z navbatida anjumanda ishtirok etgan 20 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari fikr almashib, o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Tadbirda institut talabalaridan tashkil topgan QVZ klubining “Ulfatlar” jamoasi ibratli va yumorga boy chiqishlari bilan qatnashchilarni hushnud etdi.
Tadbir doirasida kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etilib, ishtirokchilar bu yerdan o‘zlari yoqtirgan kitoblarni harid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Anjuman so‘ngida seminar ishtirokchilari Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi” ga tashrif buyurishib, bu yerdagi tarbiyalanuvchilarga kitoblar sovg‘a qilib, ularning ko‘nglini oldilar. Qalblari mehrga tashna bolajonlar va muassasa rahbariyati mehmonlar tashrifidan g‘oyat mamnun bo‘lib, ularga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.