Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhining dastlabki yig‘ilishi saylovchi ishonchi, hududiy partiya kengashlari bilan hamkorlik va partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlandi. Unda deputatlar bilan birga partiya etakchilari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
– Saylovoldi uchrashuvlar jarayonida saylovchilar ayrim deputatlar saylovdan so‘ng berilgan va’dalarni unutib qo‘yishi, hududlardagi mavjud muammolar echimini topishda ko‘maklashishga e’tiborsizlik bilan qaragani xaqida e’tiroz bilan gapirdilar, – dedi xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi deputati Ibroximjon Mitillaev. – Savol tug‘iladi: saylovchi nega norozi? Javob aniq: va’dalar va’daligicha qolgan. Bu biz yangi saylangan xalq vakillarining zimmasidagi mas’uliyatni oshirdi. Shu sabab hozirdan saylovchilar bilan hamnafas bo‘lish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish orqali ishonchini oqlashni o‘z oldimizga asosiy vazifa sifatida belgilab oldik.
O‘z navbatida yig‘ilishda hududiy partiya kengashlari bilan hamkorlik, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash xususida ham so‘z yuritildi. Deputatlik guruhining ish rejasini tuzishda birinchi navbatda saylovchi manfaati bosh maqsad sifatida belgilab olindi. Mahalliy kengash sessiyalariga masala tayyorlash barobarida partiyaning amaldagi loyihalari ijrosini ta’minlashga kelishib olindi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyati Kengashi
matbuot xizmati.