2019- yil 18- aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida qadrli ustoz, yetuk shifokor, samimiy va dilkash inson, professor Komil Mirzayevich Mirzayev xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Xotira kechasiga institut professor-o‘qituvchilari, Yuqumli kasalliklar kafedrasi xodimlari, ustozning do‘stlari, hamkasb- shogirdlari, oila a’zolari, barcha yaqinlari va talabalar yig‘ildilar.
Xotirlash tadbirini institut rektori M.Madazimov ochib, ustozning ibratli hayoti va faoliyati to‘g‘risida ma’ruza qildi. Jumladan, K.Mirzayevning tibbiyot ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, yetakchi infeksionist sifatida kafedradagi hamda boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatini gapirib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan faxriylardan S.Shamsutdinov safdoshi K.Mirzayev bilan uzoq yillar birgalikda faoliyat yuritgan davrlarni esladi. Uning ko‘p qirrali inson ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda ustozning shogirdlaridan M.Yulchibaev so‘zga chiqib, ustozning yuksak bilim egasi ekanligi, tashkilotchi va faolligi, ham o‘quv jarayonida, ham tibbiyotda, qo‘yingki barcha yo‘nalishlarda ilg‘or, mukammal inson bo‘lganliklarini aytib o‘tdi.
Xotirlash tadbirida K.Mirzayevning qizlari, ustozni tanigan bilgan yaqinlari yaxshi xotiralarni yodga oldilar. Ustozning mehribon ota, samimiy va talabchan, kishilar qalbiga to‘g‘ri yo‘l topa oladigan inson bo‘lganliklarini ta’kidladilar.
Shuningdek, K.Mirzayevni adabiyot, teatr va san’atni sevadigan, ijod ahlini qadrlaydigan inson bo‘lganligi, katta sahnalarda Alisher Navoiy obrazini yaratganligi ham alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Yuqumli kasalliklar kafedrasi o‘qituvchilari boshchiligida pediatriya fakultetining 4-5-kurs talabalari tomonidan Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakldan parcha namoyish etildi. Ustozning xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom sifatida namoyish etilgan sahna asari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Xotirlash tadbiri yakunida professor K.Mirzayevning umr yo‘ldoshi E’tiborxon ayaga va oila a’zolariga guldastalar taqdim etildi.