ADTIda Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi o‘qituvchilari va yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi xodimlari tashkil etgan mazkur anjumanni institut rektori M.Madazimov ochib, buyuk mutafakkir hayoti va ijodi, el-yurt, xalq manfaati yo‘lida olib borgan oliyjanob ishlari xususida gapirib, anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Qo‘chqorova yurtimizda nishonlanayotgan ikki buyuk shoir, ulug‘ siymo tavallud ayyomlari munosabati bilan adabiyot bayramlari o‘tkazilayotganligi, ular qoldirgan merosning ahamiyati xususida gapirib o‘tdi.
Tadbirga tashrif buyurgan shoir Nusrat Abdusalom Navoiy g‘azaliga bitgan muhammas va naziralarini o‘qib berdi. ADTI talabalari ijrosidagi g‘azalxonlik, she’rxonlik, mumtoz raqs va dilrabo kuy –qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha fayz kiritdi.
Iste’dodli talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari barcha ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish va e’tirof bilan kutib olindi.
Talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy kompoziziya barchaga manzur bo‘ldi. Shoira Xurshidabonu tadbirda faol ishtirok etganlarga “Sharq yulduzi” jurnalining Andijon viloyatiga bag‘ishlangan sonini sovg‘a sifatida taqdim etdi.
Tadbirda shoira Barno Salomova ham so‘zga chiqib, Navoiy ijodiga munosabat bildirib, o‘z ijodidan namunalar o‘qidi. Anjumanda pediatriya fakulteti 2-bosqich talabasi Nargiza Qayumova taqdimot ma’ruza qildi. “Buyuk Alisher Navoiy” videofilmi namoyish etilib, so‘z mulkining sultoniga yuksak ehtirom ko‘rsatildi.