Muxtorjonova Xusnigul Nodirbek qizi
Andijon davlat tibbiyot instituti pediatriya fakulteti 6-bosqich talabasi Muhtorjonova Husnigul Nodirbek qiziga bu yil omad kulib boqdi. U 2019 yil 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida respublikamizdagi eng iqtidorli qizlarga nasib etadigan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Bu yutuq Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilganidan buyon 1 marta ADTI talabasiga nasib etganligi bilan quvonarli va faxrlidir. Sovrindor Xusnigul Muhtorjonova 1994 yil 10 sentyabrda Andijon shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. Millati o‘zbek. 2013 yilda ADTI pediatriya fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan.
U mamlakatimiz yoshlarining bilim olishlari uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, viloyat, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda faol qatnashgan.Tibbiyotning onkologiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda.Hozirgi vaqtda 1 ta patent,2 ta elektron o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 1 ta izohli lug‘at, 1 ta amaliyotga tatbiq, 8 ta ratsionalizatorlik taklifi, 10 ta chet el va respublika jurnallarida ilmiy maqola, 30 dan ortiq xorijiy va xalqaro ilmiy –amaliy anjumanlarda chop etilgan tezislar muallifidir.
2013 yildan institut “Yosh olimlar Kengashi”, Onkologiya va tibbiy radiologiya kafedrasi qoshidagi “Yosh onkolog” to‘garagi a’zosi.
2017 yilda Ukraina davlatida bo‘lib, Xarkov milliy tibbiyot unifersiteti amaliyot o‘tab, sertifikat bilan taqdirlangan. Shu yili O‘zbekiston Intellektual mulk agentligi tomonidan “Yaxshi va yomon sifatli tuxumdon o‘smalarini ROMA indeksi orqali prognozlash dasturi” nomli patentga ega bo‘lgan hamda “Onkologiyada deontologiya masalalari” hamda “Jarrohlik fanidan terminologiya” nomli elektron uslubiy qo‘llanmalar uchun guvohnoma olgan. Erishgan yutuqlari tufayli 10 ga yaqin diplom, 40 dan ortiq sertifikatni qo‘lga kiritgan.
San’atning qo‘shiq, raqs va musiqa turlari, sportning karate va tennis turlari bilan shug‘ullanadi. O‘zi istiqomat qilayotgan Andijon shahridagi Sulton Jo‘ra mahalla fuqarolar yig‘inida kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun rus, ingliz tillari kurslari tashkil etgan. Husnigul ijtimoiy- siyosiy faoliyatga ham ega. U Xalq demokratik partiyasi faoli. U partiya tomonidan tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etib, sertifikat va diplomlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Xusnigulning bu katta yutug‘i bilan chin dildan qutlab, kelgusi ishlariga omadlar tilab qolamiz.