Vatan barchamiz uchun muqaddasdir. Vatanni himoya qilish barchamizning sharafli burchimiz. Vatan himoyasiga bel bog‘lagan har bir yigit-qiz hamisha elimiz ardog‘ida. SHuning uchun ham 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlar hamisha bayramona o‘tadi.
Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati hamda Harbiy tayyorgarlik kafedrasi tashabbusi bilan 14 yanvar –Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Andijon shahridagi “Xotira xiyoboni”da tashkil etilgan tadbir ham ana shunday ko‘rinish oldi.
Vatan himoyachilarini sharaflash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xissa qo‘shish maqsadida tashikl etilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, ADTI Harbiy tayyorgarlik kafedrasi xodimlari, talaba-kursantlar, institut yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdilar. Tadbirni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.X.Asxanov ochib, barcha yig‘ilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan qizg‘in tabrikladi.
Tadbir ishtirokchilari jonajon yurtimiz, sarhadlarimiz daxlsizligi, chegaralarimiz mustahkamligiyu xalqimizning tinch-osoyishta hayoti baquvvat, qat’iyatli va jasur o‘g‘lonlarning himoyasida ekanligidan faxrlanishlarini izhor etdilar.
Mamlakatimiz mustaqilligi, uning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini tunu kun himoya qilib kelayotgan Vatan himoyachilari, harbiy xizmatchilar, bir-biridan o‘ktam, mard va jasur o‘g‘lonlarga minnaddorchilik bildirdilar.
Shundan harbiy yurish boshlandi. Harbiy tayyorgarlik kafedrasi talaba-kursantlari, institut yoshlari dadil qadamlar bilan Vatan himoyasiga hamisha tayyor ekanliklarini namoyish etdilar.
Tadbir yakunida Harbiy tayyorgarlik kafedrasi boshlig‘i A.Nasriddinov tashkilotchilarga, harbiy xizmatchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi. Harbiy sohaga kirib kelayotgan yoshlarning yakdil, bir so‘zli, kuchli va ishonchli tirgak ekanligi hamisha el e’tiborida ekanligini ta’kidlab, barchani ona Vatan va xalqingiz oldidagi muqaddas burchni ado etishdek sharafli, mas’uliyatli ishlariga zafar va omad, sihat-salomatlik, kuch-quvvat tiladi.
Harbiy yurish barcha ishtirokchilarning qalbi Vatanga bo‘lgan muhabbat bilan to‘la ekanligi ko‘rsatdi.
ADTI axborot xizmati