2019 – yil 5- mart kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shaqboevich Abdurahmonov bilan yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 8 Mart –Xalqaro xotin- qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, prorektorlar, institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, talaba- qizlar ishtirok etdilar. Tadbir avvalida ularga viloyat hokimi nomidan yozilgan tabriknomalar, gullar va sovg‘alar taqdim etildi.
Shundan so‘ng, Andijon viloyati hokimi, senator Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqib, institut jamoasining barcha dilbar ayollarini va biri-biridan lobar, iste’dodli va zukko talaba- qizlarini fusunkor ayyom – go‘zallik va nafosat tantanasi 8 – Mart bayrami bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Viloyatimiz rahbari o‘z so‘zida mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, Prezidentimiz tomonidan ayollarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rliklar, ularning turmush farovonligini yaxshilash yo‘lida yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida gapirdi. Shuningdek, viloyatimizdagi turli soha va yo‘nalishlarda halol mehnat qilib kelayotgan , g‘ayratli, shijoatli va jonkuyar xotin-qizlar, o‘z odobi, hayosi, nazokatiyu malohati bilan o‘rnak bo‘layotgan barcha nozik xilqat egalari sha’niga iliq va samimiy tilaklarini bildirdi. Bugungi kunda oilada, jamiyatda, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida munis onaxonlarimiz, latofatli opa-singillarimizning o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori M. Botirov so‘zga chiqib, barchani bayram bilan tabrikladi va o‘zining Bahor, Ayol, Onalarni madh etuvchi she’rlarini o‘qib berdi.
Ochiq muloqot, do‘stona va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan bayramoldi uchrashuvida Umumiy jarrohlik kafedrasi dotsenti J.Saidxodjaeva, tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Qo‘ziboeva hamda davolash fakulteti talabasi D.Xoliqovalar o‘zlarining taassurotlarini, dil so‘zlarini bildirdilar.
Yurtimizda, xususan, viloyatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirofdan mamnun ekanliklarini izhor etdilar.