Bugun, 6- mart kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida 8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institut Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tashabbusi bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbiriga institutning bo‘lim boshliqlari, VMO va QT fakulteti barcha kafedralarida faoliyat olib borayotgan qadrli ustozlar, faol ayollar va lobar qizlar taklif etildi.
Tadbirni institut Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti dekani H.Tursunov ochib, mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar, nozik xilqat sohibalarining oilada va jamiyatda tutgan o‘rni haqida samimiy fikrlarini gapirdi.
Munis onaxonlarimiz, muhtarama va latofatli opa-singillarimiz sha’niga eng ezgu tilaklarini bildirib, barcha ayollarni go‘zallik va bahor ayyomi bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Shundan so‘ng, ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i G‘.To‘ychiev ham so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini nafosat va go‘zallik bayrami bilan tabrikladi.
Bayram tadbirida ustozlik maqomiga erishgan professor-o‘qituvchilar, uzoq yillar fakultet kafedralarida halol va sidqidildan mehnat qilib, ulkan yutuqlarga erishgan faol ayollar nomi alohida tilga olindi hamda ularga gullar va bayram sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbir yakunida dotsentlar Z.Amanova so‘z olib, barcha ayollar nomidan tadbir tashkilotchilariga chuqur minnatdorchilik bildirdi.