2018- yil 7- dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab –quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan “Tibbiyotda va tibbiy ta’limda innovatsiya” mavzusida xorijiy mehmonlar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. ADTI “Yosh olimlar kengashi” hamda yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari tomonidan tashkil etilgan anjumanga Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat universiteti meditsina fakultetining professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Qirg‘izistonlik mehmonlarni ADTI professor –o‘qituvchilari, institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari va talabalar “Andijon polkasi” sadolari ostida samimiy kutib oldilar.
Dastlab ,O‘sh davlat universiteti meditsina fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ADTI muzeyini tomosha qildilar, simulyatsion markazi hamda axborot texnologiyalar bo‘limida bo‘lishdi.
Ekskursiya davomida ADTI o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov mehmonlarga hamrohlik qilib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, amaliyot jarayonlari bilan ularni yaqindan tanishtirdi.
So‘ngra ilmiy kengashlar zalida «Tibbiyotda va tibbiy ta’limda innovatsiya» mavzusida ilmiy- amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjuman ishini ADTI yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.Asxanov ochdi va olib bordi.
Tadbir avvalida ADTI professorlari F.Nishonov, A.Arziqulov, O‘shDU meditsina fakulteti professori A.Mamasaidovlar so‘zga chiqishib, barcha ishtirokchilarni qizg‘in tabrikladilar va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Shuningdek, anjuman jarayonini ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.Hodjimatov, professor Z.Salohiddinov, O‘shDU professori S.Shatmanov, tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi professor- o‘qituvchilari, mutaxassislar kuzatib bordilar. Anjumanda har ikki oliygoh professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘zlarining dolzarb mavzudagi ma’ruzalari bilan faol qatnashdilar.
Tadbirda 1-o‘rinni O‘shDU talabasi G.Tashieva, 2-o‘rinni ADTI talabasi T.Baxriddinov, 3-o‘rinni qirg‘izistonlik talaba T.Abdullaevalar egalladilar. Shuningdek, ADTI dotsenti Sh.Atajanova “Eng yaxshi maqola”, ADTI magistratura talabasi Sh.Ahmadaliev “Eng yaxshi ma’ruza”, ADTI pediatriya 2-kurs talabasi A.Abdurashidov “Eng yaxshi tashkillashtirilgan ish”, ADTI magistratura talabasi A.Abdurahimov “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldilar.
Anjuman yakunida g‘oliblarga esdalik sovg‘alari va sertifikatlar topshirildi.