Inson hayotining hayajonga boy, unutilmas kunlari juda ko‘p. Yilning 25-may sanasi barchaga birdek maktab davrlarining eng yorqin kunlarini eslatadi. Bugun ham viloyatimiz maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari jonajon maktab bilan xayrlashdilar. Ana shunday tadbir shahrimizdagi 2-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon davlat tibbiyot institutining rektori M. Madazimov ham ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan maktab direktori N. Rudova hamda institut rektori M. Madazimov yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilarining porloq kelajaklari uchun amalga oshirilayotgan samarali ishlar, ularga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, imtiyoz asosida oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishlari, buning uchun esa ulardan yangi g‘oyalar va tashabbuslar kutilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Bitiruv oqshomi katta tantana bilan nishonlandi. She’rlar, kuy-qo‘shiqlar barchada unutilmas taassurot uyg‘otdi. Institut rahbariyati tomonidan maktabning faol o‘quvchilariga 30 dan ziyod badiiy asarlar to‘plamlari, kitoblar taqdim etildi.
Shuningdek, Izboskan tumanidagi 50-umumta’lim maktabida ham “Xayr, maktabim, Salom, oliy ta’lim!” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor M. Botirov va bir qator tashkilot mutaxassislari ishtirok etdilar. M.Botirov Prezidentimizning bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Andijon davlat tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilari shuningdek, Izboskan tumanidagi 33- va 47- umumta’lim maktablarida, Xo‘jaobod tumanidagi 26-, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 8-, Ulug‘nor tumanidagi 23-umumta’lim maktablariga biriktirilgan bo‘lib, barcha tadbirlarda institut jamoasi faol ishtirok etdilar.
Institut ma’muriyati tomonidan har bir maktab jamoasi uchun videoproektor, kompyuter jamlanmasi hamda o‘quv qurollari va badiiy adabiyotlar sovg‘a sifatida taqdim etildi.