Andijon davlat tibbiyot institutining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yaxshilash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida viloyatning barcha shahar, tumanlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, bugun 26-sentabr kuni ham Izboskan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika To‘rtko‘l bo‘limi hududida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Ushbu salomatlik tadbirida institutning kardiolog, endokrinolog, terapevt, otorinolaringolog, nevropatolog, ginekolog, urolog, xirurg, dermatolog, onkolog, infeksionist kabi jami 16 nafar malakali mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbir davomida hududdagi 582 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘ruvlar natijasida yotib davolanish lozim bo‘lgan 4 nafar bemorlarga viloyat va 12 nafar bemorlarga tuman shifoxonasida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, sog‘ligi bo‘yicha ambulator davolanishi lozim bo‘lgan fuqarolarimizga davlatimiz tomonidan ajratilgan bepul dori-darmonlar tarqatildi.
Shuningdek, tadbir davomida, klinik laborator tekshiruvlar o‘tkazilib ko‘rsatma bo‘yicha EKG, Rentgen, UTT tekshiruvlari o‘tkazildi. Institutning “Volontyorlar” jamoasi a’zolari tomonidan aholi vakillariga sog‘lom turmush tarziga rioya etish bo‘yicha foydali maslahatlar berildi va bukletlar tarqatildi. Hududdagi 2 nafar uyda ko‘rish lozim bo‘lgan keksalarga kerakli mutaxassislar tomonidan uylarida ko‘ruvlar o‘tkazilib, kerakli tavsiyalar berildi va sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi.