Viloyat hokmiligi va Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatda aniqlangan 118 ta boʻsh ish oʻrinlariga Andijon davlat tibbiyot institutining bitiruvchi bosqich talabalari oilaviy shifokor lavozimlariga ish bilan toʻliq taʼminlangan edi. Qolgan talabalar esa yashash xududlarida joylashgan poliklinikalarga biriktirilgan edi. Hozirda talabalar amaliyot oʻtash barobarida chinakam shifokor sifatida faoliyat olib bormoqdalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan har bir oliy taʼlim muassasasida talaba va ish beruvchilarni bir-biriga bogʻlovchi “Karyera markazi” tashkil etildi. Andijon davlat tibbiyot institutining markaz xodimlari tomonidan shahar va tumanlarda ishlab, amaliyot olib borayotgan bitiruvchi kurs talabalarning faoliyati oʻrganilmoqda. Mana shunday oʻrganish ishlari Marhamat tumanida olib borildi.
Talabalarning ish boshlaganiga ikki hafta boʻlgan boʻlsa-da, jamoada oʻz oʻrinlarini topa oldilar. Institutda dars jarayonlarida olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllayotgan yoshlar bemorlar bilan muloqot qilish, ularga tashxis qoʻyish, roʻyxatga olish va muolajaga yoʻnaltirish borasida faollik koʻrsatishmoqda. Bu borada poliklinika xodimlari ham ustoz-shogird anʼanalari asosida oʻz yordamlarini ayashmayapti.
Ayniqsa, talabalar oʻzlariga biriktirilgan xonadonlarda birma-bir boʻlib, oilaviy sharoitlarini oʻrganishmoqda.
Karyera markazi xodimlari talabalar bilan boʻlgan suhbat davomida ularga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar.