
Ma’lumki, joriy yilning 14-fevral kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig’ilishida berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo’yicha Andijon viloyati hokimi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar rejasining 7-bandiga asosan Andijondagi OTM va “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Bu borada respublika oliy ta’lim tashkilotlarida «Kelajakka qadam» markazininng hududiy bo’linmalarni tashkil etish orqali bitiruvchi talabalarni o’zini – o’zi band qilishi va ishga joylashishga ko’maklashish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida ham bir qator ishlar olib borilmoqda.
Bugun, 24-aprel kuni «Kelajakka qadam» loyihasi doirasida ochiq muloqot o’tkazildi. Unda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov, “O’zmilliybank” AJ bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Xasanov, Davlat dasturlarini moliyalashtirish bo’limi boshlig’i Z.Dadajonov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati raisi Sh.Abdusamatov, Andijon davlat tibbiyot instituti Karyera markazi boshlig’i A.Soliyev, fakultet dekanlari va bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi.
Dastavval institut rektori M.Madazimov yurtimizga har sohada yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, bitiruvchilar uchun yaratilgan imtiyozlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, yoshlar bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng “O’zmilliybank” AJ bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan «Kelajakka qadam» loyihasi, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni o’zini – o’zi band qilishi va ishga joylashishga ko’maklashish, yoshlarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash, startap loyihalar hamda biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar borasida ma’lumot berib o‘tdilar.
Ochiq muloqot davomida talabalarning o‘z startap loyihalari va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi takliflari va fikr-mulohazalari tinglandi, savollariga batafsil javob berildi. Ularning takliflari asosida yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yoshlar uchun maxsus dasturlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aziz, talaba-yoshlar, Siz ham kelajakda xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasbiy ta’lim dasturlarida ishtirok etish hamda chet el oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish istagida bo‘lsangiz haftaning dushanbadan shanba kunigacha soat 10:00 dan 14:00 ga qadar institutning Karyera markazida faoliyat olib borayotgan mutaxassisga murojaat qilishingiz mumkin. Mutaxassis sizga xizmat ko‘rsatish, servis sohasi, xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi taklif va mulohazalaringizni amalga oshirishga yo‘naltiradi.