Tozalik – inson salomatligining poydevori, sog‘lom hayotning esa ajralmas qismidir. Shifokorlar yaxshi biladilarki, gigiyena qoidalariga amal qilish va atrof-muhitni toza saqlash har qanday kasallikning oldini olishda eng samarali yo‘ldir.


Bugun, 25-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Men institutim tozaligiga befarq emasman!” shiori ostida navbatdagi eko plogging aksiyasi o‘tkazilmoqda. Unda Davolash va Stomatologiya fakultetlarining ko‘ngilli talabalari faol ishtirok etishmoqda.


Aksiya davomida talaba-yoshlar o‘z darslaridan bo‘sh vaqtlarida institut hududini yanada chiroyli va ozoda saqlashga hissa qo‘shishmoqda. Ular chiqindilarni yig‘ish, daraxtlar tagini yumshatish, oqlash va obodonlashtirish ishlarida faol qatnashib, atrof-muhitga e’tibor va mas’uliyat namunasi bo‘lishmoqda.


Ushbu aksiya institutning yangi o‘quv binosi hamda Talabalar turar joyida o‘tkazildi.
Bunday tashabbuslar nafaqat tozalikni ta’minlaydi, balki talabalar o‘rtasida ekologik madaniyatni, jamoaviylik va vatanparvarlik ruhini mustahkamlaydi.
Unutmang! Tozalik – salomatlikning garovi, sog‘lom hayot esa farovon kelajakning kalitidir.


