2018- yil 29- noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida «Oilaviy kamsitilishga barham berish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbir 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarni zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi.
Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar, ularning haq-huquqlari, erkinlari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Shundan so‘ng, viloyat xotin- qizlar qo‘mitasi “Mehrimiz sizga” reabilitatsiya markazi direktori X.Mirzarahimova “Xotin-qizlarni kamsitilishiga barham berish bo‘yicha xalqaro SEDAW konvensiyasi” mavzusida ma’ruza qildi.
U o‘z ma’ruzasida SEDAW konvensiyasining tuzilishi, undagi bo‘lim va moddalarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berdi. Shuningdek, yurtimizda oilaga, ayolga bo‘lgan munosabat yuqori darajada ekanligini e’tirof etib, xotin-qizlar huquqlarini kamsitilishiga barham berish uchun yanada targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish lozimligini aytib o‘tdi. Tadbir davomida talabalarga mavzuga doir videorolik namoyish etildi.
Davra suhbatida viloyat Qizil Yarim Oy jamiyati ijrochi direktori A.Uzoqjonov, Andijon shahar Qizil Yarim Oy jamiyati “Mehrim sizga” reabilitatsiya markazi mutaxassisi H.Boltaboeva, ADTI xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi M.Jo‘raevalar ham oilada ayollarning o‘rni, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida o‘zlarining fikrlarini bildirdilar.
Tadbirda pediatriya, davolash fakulteti dekan o‘rinbosarlari, murabbiylar va talabalar ishtirok etdilar.