Bugun, 9-sentabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov yangi 2025-2026-o‘quv yili natijadorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda prorektorlar, fakultet dekanlari, bo‘lim rahbarlari ishtirok etdi.


Yig‘ilish davomida yangi 2025-2026-o‘quv yilida talabalarning faolligini oshirish, kafedralarda olib borilayotgan dars jarayonlarini nazorat qilish, darsda ishtirok etmayotgan talabalar va ularning ota-onalari bilan ishlash, birinchi bosqich talabalarining kredit-modul tizimini o‘zlashtirib olishlari uchun ko‘maklashish, yangi iqtidor egalarini kashf etish, o‘quv va amaliyot jarayonlarini interfaol usullarda olib borishni ta’minlash, moddiy-texnik bazalarni yanada takomillashtirish kabi mavzularga ahamiyat qaratildi.


Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro ko‘rsatkichlarni oshirish, mutaxassislarning xorij ta’lim va tibbiyot muassasalarida malaka oshirishlarini ta’minlash, Scopusda ilmiy maqolalar sonini oshirish, xalqaro grant lohiyalarida ishtirok etish borasida ham ta’kidlab o‘tildi. Yuqorida keltirilgan mavzular borasida mas’ullarga kerakli topshiriqlar berildi.


