Bugun, 12-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Stomatologiya fakultetining birinchi bosqich talabalari hamda ularning ota-onalari ishtirokida “Rektor va ota-onalar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori M.Madazimov ochib berdi.
Rektor o‘z nutqida SSVning 2024-yil 4-sentabrdagi 284-sonli buyrug‘i mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, fuqarolik mas’uliyatini oshirish, shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Talabalardan institut ichki tartib-qoidalari hamda belgilangan kiyinish madaniyati (dress-kod)ga qat’iy rioya etish talab etilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ekstremizm va yot g‘oyalardan ogoh bo‘lish, axborot xavfsizligi, yo‘l harakati va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.


Stomatologiya fakulteti dekani F.Urinov birinchi bosqich talabalarining davomat, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, ichki tartib-qoidalarga amal qilishi, ota-onalar bilan hamkorlik masalalariga alohida to‘xtaldi. Talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bilim olish imkoniyatlari hamda ma’naviy muhit haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar talabalarning ta’limga mas’uliyatini oshirish, ota-onalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni yetuk va vatanparvar mutaxassis etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida o‘zining faolligi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan talabalarning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.


