
Xabaringiz bor, Andijon davlat tibbiyot institutining “Shifokorlar” jamoasi “Yurtim qadriyatlari” ko‘rik-tanlovida faxrli 1-o‘rinni egallab, 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan edi. Bugun, 23-may kuni mazkur “Shifokorlar” jamoasini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jamoa a’zolari karnay-surnay sadolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov ochib berdi va bugungi kunda yoshlarni o‘qib-izlanishlari, iqtidorlarini namoyish etishlari uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligi, faxrli o‘rinlarni egallagan yoshlar munosib rag‘batlantirilayotganligi, talabalarni o’qishdan bo’sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va milliy, madaniy hamda ma’naviy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etilgan “Yurtim qadriyatlari” ko‘rik-tanlovi, unda ishtirok etayotgan jamoalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, tanlovda institut jamoasining yutug‘i bilan samimiy muborakbod etdi.
-Sizlarning bu erishgan yutuqlaringiz bu albatta katta mehnat va harakatning natijasi. Bu mehnatingizni juda qadrlayman va hamisha tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlayman. Ushbu g‘alabangiz kelajakdagi ulkan muvaffaqiyatlaringizning debochasi bo‘lsin. Parvozingiz hamisha baland bo‘lsin, aziz talabalarim! – dedi, rektor.
Shundan so‘ng, so‘z olgan rejissyor D.Shayxov va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi F.Xojimatov yoshlarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlab keng imkoniyat yaratib berayotgani uchun institut rektori boshchiligida institut jamoasiga minnatdorchilik bildirdi. Jamoa a’zolari ham so‘z olib, tanlov taassurotlari, do‘stona uchrashuvlar, g‘oliblik hayajonlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Shifokorlar” jamoasi tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Tantanali tadbir davomida “Shifokorlar” jamoasining har bir a’zosi 3 oylik stipendiya miqdorida pul mukofoti hamda tashakkurnoma bilan taqdirlardi. Jamoa ustozlari ham tashakkurnoma va pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilandi.
Jamoa a’zolari ushbu g‘alabani institutning 70 yilligiga tuhfa sifatida bag’ishladi.
Institutning barcha talabalarining yutuqlari bardavom bo‘lsin!