Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz talaba-yoshlar, qadrli institutmiz jamoasi!
Sizlarni, 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu sana xalqimizning tarixiy xotirasi, mardlik va fidoyilik timsoli sifatida alohida e’zozlanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida jonini fido qilgan ajdodlarimizning jasorati, front ortida mehnat qilgan insonlarning matonati hech qachon unutilmaydi. Ularning jasorati tufayli bugun biz tinch va osuda hayot kechirmoqdamiz.
Xotira va qadrlash kuni — bu nafaqat o‘tganlarni yod etish, balki bugungi tinchlikning qadriga yetish, yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan insonlarga hurmat ko‘rsatish kunidir. Ayniqsa, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, ajdodlarga sadoqat va insoniylik fazilatlarini shakllantirishda bu sana muhim ahamiyat kasb etadi.
Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi nomidan shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, biz tinchlik va barqarorlikni eng ulug‘ ne’mat deb bilamiz. Shifokorlik kasbining asl mohiyati ham inson hayotini asrash, sog‘lig‘ini tiklash va jamiyatga xizmat qilishdan iborat. Bu yo‘lda biz ustozlar va talaba-yoshlar ajdodlarimizga munosib bo‘lishga intilamiz.
Qadrli faxriylarimizga chuqur hurmat va ehtiromimizni izhor etamiz. Bugun safimizda 70 nafardan ziyod faxriy ustozlarimiz faoliyat yuritib kelmoqda. Shuning barobarida ular turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lib, bizga shaxsiy namuna ham bo‘lmoqda. Ular: Mamazoir Xo‘jamberdiyev, Odil Salohiddinov, Zuhriddin Salohiddinov, Qodirjon Soliyev, To‘xtaxon Muhiddinova, Shokirjon Qodirov, Jo‘raxon Saidxo‘jayevadir. Sizlarning hayot yo‘lingiz biz uchun ibrat maktabidir. Sizlarga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va oilaviy farovonlik tilaymiz.
Shuningdek, institutimizda uzoq yillardan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarimiz: Abdumannob Ziyayev, Jo‘raxon Ahmadaliyev, Oltinoy Ahmedovaga alohida minnatdorchiligimni bildiraman. Sizlarning institutimiz obodligiga qo‘shayotgan hissangiz taxsinga sazovor.
Tilagim, Yurtimizda doimo tinchlik, osoyishtalik va baraka hukm sursin! Har bir xonadonda quvonch, mehr va totuvlik bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Madamin Madazimov - Andijon davlat tibbiyot instituti rektori.


