Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo’nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajriba, innovatsion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasida tashabbuskorligini oshirish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmoqda.
O‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish, shuningdek yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar doirasida Andijon davlat tibbiyot institutining 1-Akusherlik va ginekologiya kafedrasida Eron Islom Respublikasi, Texron Shaxid Bexeshti tibbiyot universiteti professori Sima Nazarpur talabalariga ma’ruzalar olib borishni boshladi. Xususan, bugun akusherlik va ginekologiya fanining dolzarb muammolari doirasida Davolash fakultetining 4-kurs talabalariga «Akusherlikda rezus-omil. Ona va bola o‘rtasidagi immunologik nomutanosiblik. Homila va chaqaloqlar gemolitik kasalligi” va Pediatriya fakultetining 5-kurs talabalariga “Bachadon yaxshi sifatli o‘smalari” mavzusida ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
Bunday hamkorlik Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.