Barcha OTMlar tomonidan o‘quv jarayonini an’anaviy tarzda boshlash bo‘yicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021-yil 11- yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklda boshlanadi.
Ayrim betob yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarning o‘qishlari onlayn shaklda davom ettirilishi mumkin. Bu holatda OTMlar talabalarning sharoitlarini o‘rganib chiqadi. Barcha imkoniyatlari mavjud bo‘lgan talabalar an’anaviy ta’limga to‘liq jalb etiladi.
To‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarmaydi
Ma’lumki, 2021-yil 1-fevraldan boshlab respublikamizda ish haqi va stipendiyalar miqdorlari 10 foizga oshirilishi belgilangan edi.
Pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarga yengillik yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy o‘quv yilidagi amaldagi to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz saqlab qolinadi.
Manba: EDU.uz