2019- yil 1 – aprel kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zali,1-, 2- ma’ruzalar zalida institut rektori M.Madazimov davolash, pediatriya, stomatologiya fakultetlari hamda oliy hamshiralik ishi, tibbiy pedagogika, tibbiy profilaktika, farmatsevtika yo‘nalishlarining 1-bosqich talabalari bilan uchrashib, ochiq muloqotda bo‘ldi.
Institut rektori muloqot chog‘ida yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan izchil islohotlar, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, imkoniyatlar haqida gapirdi. Xususan, institutda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlarga alohida to‘xtalib, bu imkoniyatlardan har bir yosh to‘g‘ri va samarali foydalanishi lozimligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, talabalar kelgusida yaxshi mutaxassis, mohir shifokor bo‘lishi uchun barcha fanlarni mukammal bilishi, kunlik darslarni har kuni to‘liq o‘zlashtirib borishligi zarurligini ta’kidladi. Buning uchun albatta, talabalarni darsliklardan to‘g‘ri foydalanishi, kitob o‘qishi, chet tillarini o‘rganishi, dars jarayonida albatta netbuk, noutbuk, planshet kabi vositalar bo‘lishligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, talabalar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun fan to‘garaklariga muntazam qatnashishi, musiqa, san’at, teatrga, kitobxonlikka qiziqishi hamda sportning barcha turlari bilan shug‘ullanishi k atta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, barcha talabalarni bu borada o‘rnak bo‘lishga, sog‘lom turmush targ‘ibotchisi bo‘lishga chaqirdi.
Ochiq muloqot chog‘ida institut rektori o‘zining bir qator maslahat va tavsiyalarini berib, talaba-yoshlarni yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yanada shijoatli va faol bo‘lishga, maqsadlari sari faqat olg‘a intilishga chaqirdi. Shuningdek, ularni qiziqish va takliflari, fikr-mulohazalari bilan qiziqdi. Institut rektori bilan uchrashuv oshkora, samimiy va do‘stona tarzda o‘tdi. Uchrashuvda prorektorlar, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari ham ishtirok etdilar.