2019-yil 4-aprel kuni ADTIga bir guruh xorijlik mutaxassislar tashrif buyurdilar. Ular asli hindistonlik bo‘lib, hozirgi kunda Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida nodavlat ta’lim almashinuvi xizmatlarini tashkil etuvchi firma rahbarlari va yetakchi mutaxassislari Sharma Ishvari Narayan (MDS IMPEX LLC.) BIShKEK, Naresh Gaai ( Doktor TIME), Vxurenka Kumar Magiarde ( Medikal ASKOAB) lardir. Ular Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, ta’lim almashinuvi maqsadlarida muzokaralar olib bordilar.
Mutaxassislarni ADTIda institut rektori M.Madazimov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinov, Jarrohlik va urologiya kafedrasi assistenti M.Shadmonovlar kutib oldilar. Mehmonlar dastlab institut xalqaro hamkorlik bo‘limida o‘zaro tanishuv va institut to‘g‘risida suhbat jarayonida bo‘ldilar. Unda ADTI rektori M.Madazimov va xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari K.Salohiddinovlar institut haqida, ilmiy, o‘quv-uslubiy jarayon, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va o‘qitish muddatlari, ta’lim sifati va kadrlar salohiyatiga e’tibor, shuningdek, xorijiy talabalarga yaratib beriladigan shart-sharoitlar xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar. Mehmonlar ham o‘z navbatida mazkur firmalari orqali amalga oshirilayotgan xizmatlar, talabalar va ularning ota-onalariga qo‘yiladigan talablar, talabalar tanlab olish va ta’lim jarayonini qonuniy yo‘lga qo‘yish kabi masalalar xususida kelishib oldilar.
Endilikda Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan ham ADTIga talabalar kelib o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘zaro kelishuvlardan so‘ng, mehmonlar institut simulyatsion markazi, axborot texnologiyalari markazi va klinika bo‘limlarida bo‘lib, mavjud sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.