Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.M.Madazimovning 9-may – “Xotira va qadrlash kuni”ga bagʻishlangan tabrigi

22:14 08.05.2022

Assalomu alaykum, aziz hamkasblar, ilmga chanqoq talaba-yoshlar!

Muhtaram faxriylar!

Ayni kunlarda yurtimizning barcha jabhalarida 9-may “Xotira va qadrlash kuni”, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalaba kunini keng nishonlamoqdamiz.

Ana shu ulugʻ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayramda Vatan ozodligi yoʻlida Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirlanadi. Shuningdek, Vatan tinchligi, yurt taraqqiyoti yoʻlida samarali va fidokorona mehnat qilgan insonlar yodga olinadi.

Andijon davlat tibbiyot institutining tashkil topganiga 67 yil boʻldi. Mazkur yillar mobaynida yuqori malakali ustoz va professor-oʻqituvchilar, tarbiyachilar talabalarga taʼlim berib kelishmoqda. Ular orasida oliygohimizning bugungi kundagi mavqeyi va nufuzida Usmon Alimov, Yusuf Otabekov, Rahim Nurmuhammedov, Satqul Jumaboyev, Mamazoir Xoʻjamberdiyev, Alisher Shodmonov kabi institutimiz rektorlarining oʻrni beqiyos. Ular rahbarlik sohasi bilan birga malakali shifokor sifatida ham eʼtibor qozonganlar.  Shuningdek, talabalarga sifatli taʼlim-tarbiya bergan minglab professor-oʻqituvchilarimiz ham oʻz ilmiy ishlari va tadqiqotlari bilan tibbiyot sohasiga ulkan hissa qoʻshganlar.  Ularning ibratli hayot yoʻllari bizlarga oʻrnak boʻlib kelmoqda. Biz doimo ularning xotiralarini yod etamiz. Shu bois ustozlarimizning oila aʼzolari, shogirdlari, doʻstlari, hamkasblari ishtirokida Xotira tadbirlarini muntazam oʻtkazib kelmoqdamiz. Shu bilan bir qatorda ularning qabrlarini ziyorat qilib, obodligiga oʻz xissamizni qoʻshyapmiz.

Qolaversa, uzoq yillar samarali mehnat faoliyatidan soʻng hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarimizni yoʻqlash anʼanaga aylangan. Ularning oʻgitlari, pand-nasihatlari bizni yanada komillikka yetaklayveradi. Ularni har gal yoʻqlab borganimizda sohaga oid yana bir bor bilim olib qaytamiz. Duolari esa doimo bizni qoʻllab-quvvatlaydi. Qadrlash tadbirlarida esa ustozlarimiz oʻz ibratli hayot yoʻllari borasida talabalar bilan oʻrtoqlashib kelishyapti. Bu esa yoshlarimizga oʻz ustilarida ishlash, yanada koʻproq izlanishlari uchun motivatsiya boʻlmoqda.

Qay bir faxriy bilan suhbatlashmang, shukronalik hissini tuyasiz. Bizning davrimizda bunday imkoniyatlar boʻlmagan, yoshlarimizning baxti va omadi bor, bizlar ham mana shunday kunlarda eʼzozda yashayapmiz, deya shukr qilganlarini guvohi boʻlamiz. Ularning duolari esa bizni faqat yaxshilikka va harakatda boʻlishga yetaklaydi.

Aziz farzandlarim! Sizlar ham kelajakda mana shunday hurmat va eʼzozda boʻlgan ustozlarimizga oʻxshab tibbiyot sohasining oʻz ustalari boʻling, deyman. Hozirda Sizlarga ilm berayotgan oʻqituvchilaringizni borida qadrlang, ulardan oʻrnak oling, bilmaganlaringizni oʻrganing. Chunki ularning har bir pandu nasihatlari, bilimlari oltinga teng.

Qadrli faxriy ustozlar, Sizlarni qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etaman. Oʻzingiz va yaqinlaringizga sihat-salomatlik, oilangizga farovonlik tilayman. Osmonimizdan baxt va omad qushi sira ketmasin. Oʻtganlarni ruhi shod boʻlsin!

Skip to content Click to listen highlighted text!