O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov va Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligida o‘tkazilgan tibbiy taʼlimni rivojlantirishga bag‘ishlangan Hayʼat yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida navbatdan tashqari ilmiy kengash yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, akademik litsey, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi hamda tibbiyot kollejlarining direktorlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tibbiy taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan, hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelajakda qilinishi rejalashtirilgan vazifalar masʼullarga taqsimlandi.
Shuningdek, institut ichki tartib-qoidalari, odob-axloq va kiyinish madaniyatiga rioya qilish masalalariga ham alohida, to‘xtalib o‘tildi.