O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 4-mart kuni «Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalari» mavzusida o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha institutda tahsil olayotgan talabalarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va o‘qishdan ajralmagan holda qo‘shimcha daromad topishlari uchun talabalar orasida ingliz va nemis tillari hamda fundamental fanlardan yuqori bilimga ega bo‘lib, boshqa talabalarga qo‘shimcha bilim berish maqsadida o‘zlarining o‘quv kurslarini tashkil etib, institut rahbariyati tomonidan ajratib berilgan o‘quv xonalarida faoliyat olib borilmoqda.
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov mazkur o‘quv kurslarida o‘z bilimlarini tengdoshlari bilan o‘rtoqlashib kelayotgan talabalar bilan suhbatlashdi. Unda Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Karyera markazi bo‘limi boshlig‘i A.Soliyev, institutning Profilaktika inspektori J.Xo‘jayev hamda Andijon shahar IIB xodimlari ishtirok etdilar.
Suhbat davomida talabalarning olib borayotgan faoliyatidagi erishgan yutuqlari, kamchiliklar hamda takliflari o‘rganildi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan suhbatda o‘quv kurslarining muvaffaqiyatlari tahlil qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.