Bugun, 8-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi va Amir Temurning davlat boshqaruvidagi mahorati, adolatliligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilarini joriy yilning 30-aprel kuni o‘tkaziladigan Referendum jarayonlarida faol qatnashishga chaqirdi hamda yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Nurmatova so‘z olib, Sohibqironning tarix zarvaraqlarida qoldirgan o‘ziga xos o‘rni, muvaffaqiyatli yurishlari, shonli umr yo‘li hamda “Temur tuzuklari” haqida batafsil ma’lumotlarni berdi.
Tadbirning badiiy qismida dastlab, Andijon davlat pedagogika instituti talabalari Pirimqul Qodirovning “Anda jon qoldi” dramasidan parcha ijro etib, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur siymolarini gavdalantirdilar. Qolaversa, institutimizning iqtidorli talabalari tomonidan ijro etilgan she’r, qo‘shiq va raqslar tadbir ishtirokchilariga yaxshi kayfiyat ulashdi.
Yakunda, hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan holda Andijon davlat pedagogika instituti rektoriga Tashakkurnoma yo‘llandi.