Bugun, 28-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rejasiga kiritilgan Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani, xorijiy yosh olimlar ishtirokida gibrid (onlayn va oflayn) tarzda bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning ochilish marosimida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng, so‘z olgan anjuman ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ochilish marosimi yakunlangach, anjuman seksiyalarga bo‘lingan holda davom etdi. Unda Respublika va Xalqaro tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining yosh olimlari, magistrlari va iqtidorli talabalari ishtirok etdilar.
Talabalar ichki kasalliklar, jarrohlik, akusherlik-ginekologiya va pediatriya, medico-biologik fanlar, stomatologiya hamda farmokologiya yo‘nalishlarida o‘zlarining maʼruza va tezislari bilan ishtirok etdilar.
Unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida, “Tish implantlarini qo‘llab-quvvatlaydigan to‘liq olinadigan protezlar bilan protezlashning turli usullarini tahlil qilish”, “Kattalar va bolalarda parazitlarga qarshi fitokapsulalar”, “Bolalarning kuyish jarohatlarini konservativ davolashda kumushga asoslangan malhamlar bilan bandajlardan foydalanishning dolzarbligi”, “Virtual reallik yordamida reanimatsiya va intensiv terapiya – bo‘limlaridagi bemorlarda psixoterapiya o‘tkazish” kabi dolzarb mavzulardagi 70 dan ziyod maʼruzalar o‘qildi.
Talabalarning maʼruzalari Andijon davlat tibbiyot instituti, Toshkent farmatsevtika instituti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilaridan tarkib topgan hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.
Anjumanda institutimiz, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Grondo davlat tibbiyot instituti, Kaliningrad shahridagi Immanuel Kant nomidagi Baltiya federal universiteti, Markaziy Osiyo tibbiyot universiteti, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Kazan davlat tibbiyot universiteti, Toshkent farmatsevtika instituti talabalari onlayn va oflayn shaklda ishtirok etdilar.
Yakunda, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar diplomlar bilan taqdirlandilar.