INSTITUTDA XALQARO OILA KUNI MUNOSABATI BILAN DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

INSTITUTDA XALQARO OILA KUNI MUNOSABATI BILAN DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI

15:23 15.05.2023

Oila – insonlar o‘rtasida qarindoshlikning mustahkam rishtalari bog‘langan qadrdon maskan. U ota-ona va farzandlar bilan bir butunlik hosil qiladi. Bobo va buvilarning borligi esa butunlikni yana-da mustahkamlaydi. Ular ota-onalik maqomiga ega bo‘lgan farzandlari va nabiralariga hayotiy nasihatlarini ayamay, olg‘a yo‘l ko‘rsatadilar.

Ayni shu kabi yoshi ulug‘larning o‘gitlarini talaba-yoshlarga yetkazish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Keksalar maslahati” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S. Salohiddinov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, “Nuroniy” jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi, “Buvijonlar maktabi” ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi mudirasi N.Yo‘lchiboyeva, Andijon shahar otinoyisi A.Ziyoyeva va bir guruh mehnat faxriylari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olganlar oila – muqaddas qo‘rg‘on ekanligi, uning tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha a’zolar birdek mas’ulligi haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, oilada farzand tarbiyasiga alohida ahamiyat berish zarurligi, bola eng birinchi navbatda ota-onasidan o‘rnak olishi va bu masalaga jiddiy qarash zarurligini ta’kidladilar.

Endilikda oila qurish ostonasida turgan va yosh oila vakillariga esa eng birinchi navbatda oilaning asosi ishonch va mehr bo‘lishi, farzandlar aynan shu mehrdan quvvat olib, rostgo‘y, samimiy bo‘lib ulg‘ayishlarini aytib o‘tdilar.

 

Skip to content Click to listen highlighted text!