Andijon davlat tibbiyot institutida Davolash fakulteti 1–5-bosqich talabalarining ota-onalari bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova, Davolash fakulteti dekani B.Mamatov, institut psixologi O‘.Arziqulov, Profilaktika inspektori J.Xo‘jayev, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni birinchi prorektor kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilish qatnashchilarining farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmay kelganlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Shundan so‘ng, so‘z olgan ustozlar talabalarning odob-axloqi, kiyinish madaniyatiga rioya qilishlariga oid institut ichki tartib qoidalarini aytib o‘tdilar.
Talabalarning darslarga qatnashishlari, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bilan ota-onalarni tanishtirdilar. Yaqinlashib kelayotgan imtihon jarayonlariga farzandlarining astoydil tayyorgarlik ko‘rishlari hamda yozgi ta’til paytida vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishlarini tashkil qilishda ko‘maklashishlari muhimligini ta’kidladilar. O‘z navbatida ota-onalar ham ustozlarga talabalarga bilim berib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Yakunda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol, o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan talabalarning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.