Kongressga Stomatologiya va Farmatsiya fakultetlari birinchi bosqich talabalarining ota-onalari taklif qilindi.
Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, Stomatologiya fakulteti dekani D.To‘lanov, Farmatsiya fakulteti dekani Sh.Bozorov, institut Profilaktika inspektori J.Xo‘jayev ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar dastlab, institutda talabalarni sifatli ta’lim olishlari, amaliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Professor-o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirib kelayotganliklari, chet ellik mutaxassislarni institutga jalb qilgan holda talabalar uchun mahorat darslari tashkil qilinayotgani haqida aytib o‘tildi.
Shuningdek, ota-onalarga institutning ichki tartib qoidalari, “Sharaf kodeksi” tanishtirib o‘tildi. Talabalarning nafaqat institutda balki har doim odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, darslarga o‘z vaqtida qatnashib, berilgan vazifalarni bajarishi muhimligi va bunda ota-onalar ham befarq bo‘lmasliklari yuzasidan tushuntirish berildi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni, giyohvandlikni oldini olish maqsadida ota-onalarni ham farzandidan hamisha xabardor bo‘lish, institut bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Xotin-qizlar masalasida talaba-qizlarning hunar o‘rganishlari uchun institutda tashkil qilingan to‘garaklar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Xotin-qizlar maslahat kengashi faollari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan tanlovlar orqali qizlarning o‘z iqtidorlarini namoyish etish imkoniyati mavjudligi haqida tushunchalar berildi.
Ota-onalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javoblarni oldilar. Uchrashuv yakunida institut va ota-onalar o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.