Bugun, Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Axborot resurs va TIQQMBI bo‘limi boshlig‘i S.Raxmonov hamda Ixtiro va foydali modellar bo‘limi boshlig‘i I.Abdukadirov tomonidan ““ip.adliya.uz” tizimi orqali intellektual mulk obyektlarida talabnomalarni shakllantirish tartibi, patent olish uchun talabnoma topshirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminarni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va Andijon davlat tibbiyot institutining Innovatsion markazida qilingan ishlar hamda ushbu markazning kelajakdagi istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, mutaxassislar bugungi kunda tizimga kiritilgan o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi. Bunda endi ariza va talabnomalar Adliya vazirligining https://adliya.uz portali orqali amalga oshirilishi va unga ma’lumotlarni taqdim etish tushuntirildi.
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi masalalar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida ixtiroga va foydali modelga patent berish haqidagi talabnoma shartlari, sanoat mulki obyekti ustuvorligi, talabnomalarni o‘zgartirish, patent olish huquqi, patent berish haqidagi talabnomani vazirlikka birinchi bo‘lib topshirgan shaxsga tegishli bo‘lishi, ixtironing va foydali modellarning patentga layoqatlilik shartlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Seminar qatnashchilari yakunda o‘z savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.