Bugun, 10-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov institutining 2000 o‘rinli o‘quv binosi hamda Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya binolari, ADTI klinikasi hamda 400 o‘rinli Talabalar turar joyida amalga oshirilayotgan qurilish ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yildagi PQ-5154-son va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-noyabrdagi 713-sonli Qarorlariga asosan Andijon davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli o‘quv-laboratoriya binosi hamda Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya binolarini qurish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda institut talabalarining soni keskin ortib ketganligi sababli yangi o‘quv binosi 2000 o‘ringa mo‘ljallangan holda qad rostladi. Hozirda bino to‘liq ko‘tarilib, ichki pardoz va kommunikatsiya hamda jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘quv binosining old qismidan buyuk olim, tibbiyot ilmining bilimdoni Abu Ali ibn Sinoning 7 metrli haykali joy olgan.
Shuningdek, Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya binosida ham ichki pardozlash ishlari, elektromontaj, santexnika, tashqi fasad pardozlash ishlari, eshik va romlarni o‘rnatish, tashqi yordamchi bino va inshootlarni qurish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2021-yil 9-sentabrdagi 563-son qaroriga binoan davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylari qurish ishlari ham boshlangan bo‘lib hozirga qadar 400 o‘rinli “Talabalar uyi” qurib bitkazilib, yana bir 400 o‘rinli talabalar turar joyida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga 2021-yil 26-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”gi qaroriga muvofiq institut klinikasini qayta ta’mirlash ishlari boshlangan bo‘lib, hozirda binoda ta’mirlash, pardozlash va jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qurilish ishlari rektor tomonidan kuzatilar ekan qurilish, ta’mirlash ishlarini jadallashtirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli vazifalar belgilab berildi.