Andijon davlat tibbiyot institutida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan, faol talabalar ichidan saralab olingan 30 nafar talaba-yosh institutda tashkil qilingan “Qalqon” jamoatchilik guruhiga qabul qilindi.
Ushbu jamoatchilik guruhi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Yoshlar siyosati va sport, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning qoʻshma qaroriga asosan talabalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamoat tartibini saqlashga koʻmaklashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, oliy taʼlim muassasalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etildi.
Jamoatchilik guruhi a’zolariga guvohnomalarni topshirish tadbirida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, institut Profilaktika katta inspektori J.Xo‘jayev, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi H.Qo‘chqorov va yo‘nalishlar koordinatorlari, faol talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar aʼzolarga boshlayotgan ishlarida sergaklikni yoʻqotmaslikni va vazifalariga masʼuliyat bilan yondashish shartligini aytib o‘tdilar.
Ma’lumot uchun, jamoatchilik guruhi aʼzolari institutga biriktirilgan profilaktika inspektorlari boshchiligida institutning o‘quv va talabalar turar joylari hududida tinchlik, osoyishtalik va tartib-intizomni taʼminlashga ko‘maklashadilar.