Bugun, 25-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida navbatdagi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida institut rektori M.Madazimov tomonidan ilmiy darajalarga erishgan, viloyat hamda respublika miqyosida e’tirof etilgan bir guruh professor-o‘qituvchilar, sportning shaxmat turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning viloyat bosqichi hamda Bishkek shahrida o‘tkazilgan talabalar olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi.
Shundan so‘ng, yig‘ilish kun tartibidan joy olgan masalalar yuzasidan mas’ullarning ma’ruzalari tinglandi. Unda Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yangiliklar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari orasida xorijiy tilni o‘rganish holati tahlil qilinib, bu bo‘yicha mavjud ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash yuzasidan takliflar tinglandi.
Qolaversa, institut professor-o‘qituvchilarini ilmiy tadqiqot ishlari hisoboti tinglandi. “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha hamda talabalarni amaliy mashg‘ulotlarini olib borilishini takomillashtirish masalalarida ham mas’ullar tomonidan hisobotlar taqdim etildi.
Yakunda, yutuqlarga erishib kelayotgan kafedralarni rag‘batlantirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.