Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari uchun “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida 17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Bag‘rikeng diyorda baxtiyor talabalarmiz” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bayram tadbiri Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazildi. Tadbirni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, barcha talabalarni bayram bilan samimiy qutladi. Ularning o‘qish va ishlarida omad va zafarlar yor bo‘lishiga tilak bildirdi.
Institut rektori tomonidan o‘zining iqtidori, mehnati, ijodkorligi bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faollik ko‘rsatib kelayotgan talabalar tashakkurnoma va bir martalik stipendiya bilan taqdirlandi. Bayram doirasida o‘tkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovining institut bosqichi g‘olib va sovrindorlari ham diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tadbirda institutda tahsil olayotgan turli millat vakillari bo‘lgan talabalar o‘z tillarida tabriklarini yo‘llab, tengdoshlariga samimiy tilaklarini izhor etdilar.
Shundan so‘ng bayramning badiiy qismiga navbat berildi. Unda institutning iqtidorli talabalari tomonidan kuy, qo‘shiq va raqslar mahorat bilan ijro etildi. Institutning “Ulfatlar” jamoasi tomonidan namoyish etilgan qiziqarli sahna ko‘rinishlari barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Andijon viloyat filarmoniyasi ijodkorlari esa sho‘x qo‘shiqlari bilan barchani raqsga chorladi.