Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi asrlar osha avlodlarga ma’naviy va adabiy ozuqa sifatida yetib bormoqda. Uning asarlari nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixidan ham muhim o‘rin egallagan.
Bugun, 9-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Navoiyga ehtirom” nomli badiiy-adabiy tadbir bo‘lib oʻtdi.
Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov institut rektori M.Madazimovning tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng, O‘zbek tili va adabiyoti, tillar kafedrasi dotsenti M.Qo‘ziboyeva so‘z olib, mir Аlisher Navoiyning avlodlarga qoldirgan boy ijodiy merosi haqida aytib o‘tdi va durdona asarlaridan namunalar ijro etdi. A.Navoiy dostonlarini chuqur oʻrganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy gʻoyalarni yoshlar orasida keng targʻib qilish, Navoiy asarlari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat hissini shakllantirish lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirning badiiy qismida talabalar tomonidan shoirning ijodiy merosidan namunalar va sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.