Bugun, 14-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutining Talabalar turar joyida “Vazir va yoshlar uchrashuvi” hamda shoh va shoir, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan «Shohlik va shoirlik baxti» nomli badiiy-adabiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari tashrif buyurdi. Mehmonlar tantanali kutib olindi va «Andijon polkasi» raqsi mahoratli talaba-yigitlar tomonidan ijro etildi.
Navbatda esa institutning yosh olimlari, ixtirochi talabalarining ijodiy va ilmiy yangiliklari hamda yutuqlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Tibbiy mulyajlar yordamida bemorga tez tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonlari mahorat darslari bajarildi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Z.M.Boburning avlodlarga qoldirgan ma’naviy merosi, ularni avlodlarga yetkazish muhimligini ta’kidladi.
Ushbu tadbirning badiiy qismida Z.M.Bobur siymosi gavdalantirilib, g‘azal va ruboiylari ijro etildi. Bobur qalamiga mansub g‘azallar viloyat maqom amsambli honanda va sozandalari tomonidan qo‘shiq tarzida kuylandi.
Institutning xorijlik talabalari tomonidan shoirning ijod namunalari mahorat bilan ijro etildi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan tanlovlarda qatnashgan talabalar: eng yaxshi qo‘shiq ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha Qodir Ahmad (Pokiston), eng yaxshi ruboiy ijrochiligi yo‘nalishida Shabina Muhammad Kutti (Hindiston), eng yaxshi raqs ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha Dilfuza Qorayeva (Qoraqalpog‘iston) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov tomonidan taqdirlandi.