Bugun, 28-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultetlar dekanlari va mas’ullar ishtirok etdi.
Mazkur yig‘ilish avvalida an’anaviy tarzda ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli yakunlab diplomlarni qo‘lga kiritgan ustozlar, respublika va xalqaro olimpiadalar g‘oliblari bo‘lgan talabalar hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan: Institutda yanvar, fevral oylarida kafedralarda ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi, kafedralalar o‘qituvchilarining xorijiy tilni o‘rganishlari hamda tilni bilish sertifikatlarini olishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ikki oy misolida tahlil qilindi. Ushbu yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, kengash a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida sohani rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlari, ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bilan tanishtirildi.