Bugun, 14-mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarda ko‘rish, eshitish a’zolari kasalliklari” mavzusida xorijiy mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda institut rektori M.Madazimov Shveysariya davlatidagi “Light for sight” jamg‘armasi asoschisi, Toshkentdagi MESCA Foundation-National Eye Institute (Milliy ko‘z instituti) direktori Nikki Hafezi, “Magic ear academy” direktori, t.f.n. Nargiza Karimova, soha mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi.
Mazkur anjumanni institut rektori kirish so‘zi bilan ochib berdi va Daun sindromi bo‘lgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazilib, o‘z vaqtida muolajalar olishlari juda muhimligi, bu sohada mutaxassislarni tayyorlash hamda ular bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Anjuman davomida mutaxassislar tomonidan Doun sindromi haqida tushunchalar berildi. Ushbu sindrom bilan tug‘ilgan «Quyoshli bolalar» da ko‘zning shox pardasi kasalliklarini barvaqt tashxislash va davolash muhimligi haqida aytib o‘tildi. Shuningdek, ushbu sohada olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ixtirolar va yangiliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shveysariya davlatining ELZA instituti bosh shifokori, professor Farhad Hafezi esa anjumanda onlayn ma’ruzasi bilan ishtirok etdi va operatsiya jarayonini osonlashtiruvchi foydali qurilma hamda ilmiy izlanishlarining ijobiy natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yakunda, anjumanning faol ishtirokchilari sertifikatlar bilan taqdirlandi.