Bugun, 23-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi tomonidan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida xalqimizning suyukli shoiri Muhammad Yusuf tavvalludining 70 yilligi munosabati bilan “A.Navoiy” nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Ma’rifat insonni ezgulikka chorlaydi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda institut rektori M.Madazimov boshchiligida prorektorlar, fakultetlar dekanlari, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyat bo‘limi raisi, shoira Xurshida Vahobjon qizi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Vosit Ahmad ishtirok etib, adabiyot olamining boy va betakrorligi haqida so‘z yuritdi. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hayoti u bilan bog‘liq yorqin xotiralar bilan o‘rtoqlashishdi. Shoirning ijodidagi o‘ziga xoslik, samimiylik, sadoqatlilik xususiyatlari e’tirof etilib, shoirning xotirasiga bag‘ishlangan she’rlardan ijro etildi.
Tadbir davomida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan badiiy chiqishlar namoyish qilindi. Xalqimizning erka shoiri Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’rlar ijro etildi, sho‘x kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi. Teatrlashgan sahna ko‘rinishlari hamda “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasining chiqishlari tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Yakunda Ona vatanni tarannum etuvchi tarona baralla kuylandi.